Oʻzbekiston va Turkiya taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqchi

    Xalqaro hamkorlik 24 Yanvar 2022 911

    Joriy yil 24-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiya Respublikasi Oliy taʼlim Kengashi raisi E.Uzvar boshchiligidagi mazkur Kengash rahbariyati vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuvda, shuningdek, Turkiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Bekar va Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi vakillari ishtirok etdi.

    Uchrashuv chogʻida oliy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Turkiyaning yetakchi taʼlim muassasalari ishtirokida Oʻzbekistonda Oʻzbek-Turk Universitetini tashkil etishni jadallashtirish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Tegishli kelishuvga 2020-yilning avgustida Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Anqara shahriga tashrifi chogʻida erishilgan edi. Tomonlar ushbu yoʻnalishdagi navbatdagi tadbirlarni belgilab, mavjud masalalar yuzasidan yaqin istiqbolda kelishishga qaror qildilar.

    Taʼlim sohasida hamkorlikda erishilgan boshqa muvaffaqiyatlar ham qayd etildi. Xususan, Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent filiali va Buxoro Davlat tibbiyot instituti qoshida tashkil qilingan Turkiya tibbiyot fanlari universitetining fakulteti muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda.

    Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi, shu munosabat bilan Turkiyaning yetakchi taʼlim muassasalarining Oʻzbekiston hududlarida muhandislik, sanʼat, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi va turizm kabi sohalarda yangi filiallarini tashkil qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Shuningdek, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Shu nuqtayi nazardan, ilmiy tadqiqotchilarning malakasini yuksaltirish hamda talabalarning bilim va koʻnikmalari darajasini oshirish, shuningdek, ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida maʼruza, amaliy mashgʻulotlar, interfaol seminar-treninglar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.