Oʻzbekiston va Turkiya tashqi ishlar, ichki ishlar hamda mudofaa vazirlari, shuningdek, xavfsizlik xizmatlari rahbarlari ishtirokida “4+4” mexanizmi doirasida uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari, mintaqaviy masalalar hamda global xavfsizlikka doir jarayonlar muhokama qilindi. Tomonlar hozirgi kunda dunyoda kuzatilayotgan jadal oʻzgarishlar va ularning rivojlanayotgan mamlakatlar uchun keltirib chiqarayotgan yangi chaqiriqlariga eʼtibor qaratdi.
Muzokaralar davomida barqaror rivojlanish va farovonlikni taʼminlashda xavfsizlik masalalari muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan, zamonaviy global voqeliklarni inobatga olgan holda, oʻzaro hamkorlikni yanada samarali yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
Saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida tomonlar yaqin istiqbolga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasini qabul qildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida delegatsiya aʼzolari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyib Erdogʻan bilan ham uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi yetkazilib, ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi.
Mazkur “4+4” mexanizmi doirasidagi uchrashuv Oʻzbekiston va Turkiya hukumatlarining turli idoralari oʻrtasidagi hamkorlik izchil ravishda mustahkamlanib borayotganini koʻrsatadi.