Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqa davlatlari rahbarlari sammitiga tayyorgarlikning borishini muhokama qildilar

    Hukumat 24 Iyul 2021 2580

    24-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbarini tugʻilgan kuni bilan samimiy tabriklab, birodar Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

    Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

    Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib olindi.

    Prezidentlar joriy yil 6-avgust kuni “Avaza” milliy turizm hududida oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida toʻxtaldilar. Boʻlajak tadbirning kun tartibi va dasturi yuzasidan fikr almashildi.

    Turkmaniston Prezidenti Oʻzbekiston yetakchisini Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyoning bogʻliqligini mustahkamlash boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli oʻtkazilagi bilan ham samimiy qutladi. Ushbu forumning samarali natijalari keng mintaqada amaliy hamkorlik loyihalarini ilgari surish uchun yaxshi asos boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.