Oʻzbekiston va Turkmaniston iqtisodiy sheriklikning yangi yoʻllarini izlamoqda

    Xalqaro hamkorlik 17 Yanvar 2022 953

    Joriy yil 17-yanvarda Toshkent shahrida Turkmaniston hukumat delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari S.Berdimuhamedov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va savdo-sanoat palatalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Uchrashuvda investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalarida, shuningdek, suvdan foydalanish, hududlararo hamkorlik va oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishlarida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati yuzasidan fikr almashildi. Oldin erishilgan kelishuvlarning roʻyobga chiqarilishi atroflicha koʻrib chiqilib, istiqbolli sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari oʻrganildi.

    Ikki tomonlama savdoni rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, soʻnggi 4 yil ichida ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar oshdi, 2021-yilda esa 65 foizga oʻsib, qariyb 880 million dollarni tashkil etdi. Yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida amaldagi savdo shartnomalar ijrosini ilgari surishga hamda ikki mamlakat tadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

    Muloqotda sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida urgʻu berildi. Tomonlar ushbu yoʻnalishda ayrim tarmoqlarda erishilgan muvaffaqiyatlarni taʼkidlab, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamda ikki davlat hududlarida oʻzaro bogʻliq qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha yangi takliflarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

    Hududlararo hamkorlik salohiyatini ilgari surish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarning ahamiyati ham qayd etildi. Tomonlar joriy yilda Oʻzbekiston va Turkmaniston hududiy maʼmuriyatlari hamda ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish uchun platformaga aylanishi moʻljallangan birinchi hududlararo Forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish choralarini muhokama qildilar.

    Bundan tashqari, suv xoʻjaligi, transport sohasida hamkorlik va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, umumiy transport yoʻlaklari tarmogʻini rivojlantirish hamda ikki mamlakatning tranzit salohiyatini yuksaltirish, madaniyat va turizm sohasidagi qoʻshma dasturlarni hayotga joriy etish kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.

    Uchrashuv davomida qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro oziq-ovqat sifat standartlarini joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tajriba almashish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Tadbir yakunida tomonlar koʻrib chiqilgan hamda Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi koʻp tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan munosabatlarning barcha sohalarida faol hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha ikki mamlakat ishbilarmonlik subyektlari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida bir qator investitsiya va eksport shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.