Unda Oʻzbekiston – Vengriya koʻp qirrali hamkorligining dolzarb jihatlari, erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi, shuningdek, boʻlajak qoʻshma tadbirlarga tayyorgarlikning joriy holati muhokama qilindi.

Taʼkidlandiki, pandemiyaning jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiriga qaramay, Vengriya va Oʻzbekiston iqtisodiy sheriklik koʻrsatkichlaridagi oʻsishning ijobiy dinamikasini saqlab qola oldi. Shu bilan birga, tomonlar hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini qamrab olish orqali investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy munosabatlarni izchil kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, kimyo, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati sohalarida qoʻshma investitsiya loyihalari sonini oshirishning shart-sharoitlari koʻrib chiqildi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari hamda tegishli vazirlik, idora va salohiyatli hamkorlar tomonidan qator yangi istiqbolli loyihalarni har taraflama oʻrganishni tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston – Vengriya Ishbilarmonlik kengashining tashkil etilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi biznes — muloqotini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi. Tomonlar Oʻzbekistonda vengriyalik tadbirkorlarning investitsiyaviy ishtirokini kengaytirish uchun ushbu platformaning imkoniyatlari va vositalaridan faol foydalanish niyatida ekanliklarini qayd etdilar.

Muloqot davomida Vengriya tomoni Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi, “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiar mamlakati maqomini olishi hamda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash masalalarida faol yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, har ikki mamlakat manfaatdor boʻlgan loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishni nazarda tutgan holda, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi platformasi doirasida hamkorlik qilishning keng istiqbollari belgilab olindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida amalda boʻlgan kelishuvlarni hamda Oʻzbekiston delegatsiyasining Vengriyaga mazkur tashrifi davomida erishilgan yangi kelishuvlarni muhokama qilish va oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha muntazam muloqotni davom ettirish yuzasidan yakdil fikrga keldilar.

Tomonlar Oʻzbekiston – Vengriya Ishbilarmonlik kengashining 1-yigʻilishi, Mintaqalararo forum hamda ikki mamlakat Rektorlari forumi kabi qator qoʻshma tadbirlar oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amaliy tadbirlarni kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.