Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini jalb qilgan holda sanoat kooperatsiyasi sohasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari alohida eʼtibor markazda boʻldi. Vengriya tomoniga amalga oshirish uchun hozirgi vaqtga qadar Oʻzbekiston tomonidan tashabbuskorlar aniqlanib boʻlingan qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, farmatsevtika, kimyo sanoati sohasidagi 40 ta istiqbolli loyihalar roʻyxati koʻrib chiqish uchun taqdim etildi. Vengriyalik hamkasblar ushbu loyihalarni oʻrganishni darhol boshlashga, shuningdek, Vengriya tadbirkorlari orasida boʻlajak sheriklarni izlashga tayyorligini bildirdilar.

Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida 2019-yil yakunlari boʻycha erishilgan savdo aylanmasining sezilarli oʻsishi hamda 2020-yilda oʻzaro savdoda kuzatilgan ijobiy tendensiyalari qayd etildi. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasini yana-da oshirish istiqbollari toʻgʻrisida fikr almashdilar va bu borada aniq qadamlarni, jumladan, qoʻshma savdo uyini ochish va Budapesht shahrida Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining koʻrgazmasini tashkil etishni belgilab oldilar.

Muzokaralar davomida ilm-fan va taʼlim sohasida oʻzaro aloqalarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Bu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan Vengriyaning Debretsen universiteti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida ishlab chiqilayotgan bitim alohida ahamiyatga egadir. Uning imzolanishi diplomlarni ikki tomonlama tan olish amaliyotini joriy etishga imkon beradi. Shuningdek, Vengriya va Oʻzbekistonda qoʻshma fakultetlarni ochish uchun imkoniyatlar yaratadi.

Kelgusidagi hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish uchun Vengriyaning Debretsen universiteti rahbariyatining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Videokonferensiya doirasida tomonlar hududlararo sheriklik masalalarini ham muhokama qildilar. Jumladan, Vengriyaning Vesprem viloyati va Oʻzbekistonning Navoiy viloyati, shuningdek, Peshten va Toshkent viloyatlari oʻrtasida oʻzaro birodarlik munosabatlarni oʻrnatish uchun shart-sharoitlar koʻrib chiqildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.