Oʻzbekiston va Vengriya turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi

    Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Vengriyada Milliy iqtisodiyot vazirligi, Turizm agentligi va “WizzAir” aviakompaniyasi vakillari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi, muzokaralarda hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.

    Muzokaralar davomida mamlakatlar oʻrtasidagi koʻplab yoʻnalishlarda oʻzaro munosabatlarning doʻstona xususiyati qayd etildi, bu esa turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun qulay zamin yaratayotgani taʼkidlandi.

    Tomonlar axborot texnologiyalarini joriy etish, turizm sohasida maxsus raqamli dasturlarni ishlab chiqish va ulardan foydalanish boʻyicha tajriba almashdilar hamda Vengriya yirik ommaviy axborot vositalari vakillari, bloggerlar va turoperatorlar uchun Oʻzbekiston turizm mahsulotini ilgari surish maqsadida press-tur va info-tur tashkil etish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga Vengriya investitsiyalarini jalb etish choralarini koʻrish toʻgʻrisida kelishib oldilar. Bundan tashqari, mamlakatimizning turizm salohiyatini targʻib qilish maqsadida “WizzAir” xalqaro reyslari va internet saytlarida hamkorlikda reklama kampaniyasini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Tashrif doirasida Turizm qoʻmitasi delegatsiyasi Vengriya turizm agentligining 50 dan ortiq vakillari, ikki mamlakatning eng yirik sayyohlik uyushmalari va kompaniyalari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirokida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati taqdimotini oʻtkazdi. Taqdimot davomida Oʻzbekistonning boy sayyohlik salohiyati, madaniy merosi, tarixi, anʼanalari va gastronomiyasi haqida batafsil maʼlumotlar berildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.