Muloqot chogʻida mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish boʻyicha yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Oʻzbekiston XMT koʻmagi bilan BMT Bosh kotibining “Ish oʻrinlari yaratish va adolatli oʻtish uchun umumiy ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha global tezlatkich” tashabbusida birinchi mamlakat sifatida qayd etilgani alohida taʼkidlandi. Ayni paytda Oʻzbekistonda mazkur mexanizmning barcha elementlari amaliyotga joriy etilyapti.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda qabul qilingan Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan dastur, mehnat sohasidagi hamda ishlab chiqarish va texnik yoʻnalishlardagi xalqaro standartlarni mamlakat iqtisodiyotiga keng tatbiq etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhim oʻrin tutib kelyapti

Shuningdek, suhbat davomida munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va XMT oʻrtasida izchil rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan maslahatlashuvlarni faollashtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.