Oʻzbekiston va Xitoy ijtimoiy himoya sohasida hamkorlik qiladi

    Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Xitoy nogironlar federatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.

    “Bu - kelgusida hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun koʻplab fikr-mulohazalar va muhim gʻoyalar tugʻilishiga zamin yaratdi”, deya maʼlum qildi u.

    Federatsiya raisi Chen Kay bilan muloqot chogʻida imkoniyati cheklangan kishilarning huquq va manfaatlarini qoʻllab-quvvatlashda sobitlik yana bir bor tasdiqlandi.

    Qulay muhit yaratish, hayotning barcha jabhalarida inklyuzivlikni ragʻbatlantirish bu insonlarning jamiyat hayotida, madaniyat va sportda faol ishtirok etishini taʼminlaydi, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.

    “Federatsiyaning bu boradagi ishlari chinakamiga barchani ruhlantiradi. Reabilitatsiya, bandlik va inklyuziv taʼlim olish boʻyicha tashabbuslarni oʻzaro muhokama qildik. Albatta, cheklangan vaqt ichida har ikki tomonda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarning faqat bir qismiga toʻxtala oldik, xolos”, - deydi Shahnoza Mirziyoyeva.

    Uning ishonch bildirishicha, xitoylik hamkasblar ulardan oʻrganish mumkin boʻlgan juda koʻp qimmatli tajribaga ega. Samarali tajriba va bilim almashish davomli boʻlishini kutib qolamiz, deya maʼlum qildi Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari.