Muloqotdan koʻzlangan asosiy maqsad ikki davlat oʻrtasida charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holatini koʻrib chiqish, kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasini” ishlab chiqishdan iborat boʻldi. Shuningdek, eksport koʻrsatkichlarini yanada oshirish va Xitoylik investorlarni mamlakatimizga faol jalb etish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Xitoylik investorlar uchun mamlakatimizning charm-poyabzal sohasiga berilayotgan eʼtibor, imkoniyatlar va yengilliklar, sohaning salohiyati, xom ashyo zaxirasi toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi. Shuningdek, yurtimizda xorijiy investorlarga yaratilgan sharoitlar va eksportyor korxonalar uchun berilayotgan imtiyozlar haqida axborot berildi. Oʻzbekiston-Xitoy oʻrtasida charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻida manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha qator tashkiliy va amaliy masalalar muhokama qilib olindi.
Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan soha mahsulotlarining eksport qiymati 2021-yilda 33,7 million dollarni tashkil etgan. Shuningdek, bugungi kunga kelib, charm-poyabzal va moʻynachilik sanoati korxonalari hamda Xitoylik salohiyatli investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 35,0 million dollarlik 9 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.