Mazkur forum Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targʻib etish va Oʻzbekiston -Xitoy turizm sanoati vakillari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bagʻishlandi.
Biznes-forumda 200 ga yaqin Oʻzbekiston va Xitoyning turizm sektori vakillari, jumladan, 16-iyunda Sian shahridan Samarqandga «Loong Air» aviakompaniyasining birinchi muntazam parvozi orqali uchib kelgan soha vakillari ham ishtirok etishdi.
«Joriy yil sentyabr oyidan «Xitoyda Oʻzbekiston turizm yili»ga start beramiz. Bir yil davomida Xitoylik sayyohlarni Oʻzbekiston turizmi, boy madaniyati, merosi, qadriyatlari bilan yaqindan tanishtiramiz. Umuman olganda Xitoydan sayyohlar sonini bosqichma-bosqich 1 millionga chiqarishni pirovard maqsad qilib olganmiz» – deb taʼkidladi Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev.
Oʻzbekiston va Xitoy tomonlari vakillari oʻrtasida B2B formatidagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini oʻrgandilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.