Forum yakunlari boʻyicha, 2-iyun kuni Vazirlar Mahkamasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy delegatsiyasi rahbari – Xitoy Xalq Siyosiy maslahat Kengashining raisi oʻrinbosari, SHHTning qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik boʻyicha Xitoy qoʻmitasi raisi Shen Yuyeyuye bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv avvalida Shen Yuyeyuye xonim Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Xitoy Xalq Siyosiy maslahat kengashi raisi Van Xuninning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yoʻllangan samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazib qoʻyishni soʻradi.
Bugun ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi. Bunda, shubhasiz, mamlakatlarimiz Yetakchilari oʻrtasidagi samimiy birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xitoy Oʻzbekistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy manfaatlari yoʻlida olib borayotgan siyosatini toʻliq qoʻllab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Xitoyning Markaziy Osiyoda muhim savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 3700 dan ortiq qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, “yashil” energiya sohalarida yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 1-iyun kuni davlatlarimiz oʻrtasida kuchga kirgan vizasiz tartibi ikki mamlakat ishbilarmonlari doirasida aloqalarni rivojlantirish hamda sayyohlar oqimini yanada oshirishda muhim oʻrin tutishi, shuningdek, Samarqand shahrida oʻtkazilgan ikkinchi hududlararo forumi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar hamda imzolangan hududlararo bitimlar va tijorat shartnomalari oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishga hissa qoʻshishi taʼkidlandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, xususan, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar hamda ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.







