Oʻzbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazildi

    Turizm 26 Aprel 2024 400

    Bugun, 26-aprelda Toshkent shahridagi “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi.

    Mazkur forum Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targʻib etish va Oʻzbekiston -Xitoy turizm sanoati vakillari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bagʻishlandi.

    Biznes-forum Oʻzbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi va Xitoyning “Hainan Weidu international travel CO LTD” kompaniyalari tashabbusi bilan Turizm qoʻmitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston va Xitoyning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    “Oʻtgan yili Xitoy Xalq Respublikasidan Oʻzbekistonga 45 mingga yaqin turistlar kirib kelgan, joriy yilda esa bu koʻrsatkichning bir necha karra ortishi kutilyapti. Bunda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida turizm sohasida yoʻlga qoʻyilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida oʻrin tutadi. Xitoy davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va goʻzal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida boʻlganlar soni ortib borayotganligini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir”, deb aytib oʻtdi “Hainan Weidu international travel CO LTD” kompaniyasi rahbari He Jin.

    “Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Xitoydan Oʻzbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin koʻpaytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Oʻtgan yili “Prestige Travel” tomonidan 10 ming nafarga yaqin oʻzbekistonliklarning Xitoyga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab xitoyliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik. Biz Oʻzbekistonda ilk bor Misrga, Chernogoriyaga, Vyetnamga hamda qator Yevropa davlatlariga birinchi marta toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qoʻyib, sayohat uchun yoʻl ochganmiz”, – deb taʼkidladi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

    Forum davomida Oʻzbekistondan Xitoyning Hainan provinsiyasiga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi. Tomonlar aviaqatnovlarni joriy yil iyun oyidan boshlab haftasiga bir marotaba yoʻlga qoʻyishni, keyinchalik bu koʻrsatkichni 3 marotaba oshirishni rejalashtirayotganligini maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston va Xitoy tomonlari vakillari oʻrtasida B2B formatidagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini oʻrgandilar. Forum Oʻzbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Bu yil Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar sonining 10 milliondan ortishi kutilyapti. Oʻzbekistonning turistik salohiyatini dunyoga tanitish va sharqiy Osiyo davlatlaridan kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishda mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish hamda sohaning oʻsish surʼatlari uchun sharoitlar yaratilyapti. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 6 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyat koʻrsatyapti, respublika boʻyicha sayyohlarni qabul qiluvchi oʻrinlar soni 145 mingdan ortdi.

    Ushbu tadbirni tashkil etishda tashabbus koʻrsatgan “Prestige Travel” kompaniyasiga 2018-yilda asos solingan boʻlib, kompaniya tomonidan shu vaqtga qadar Oʻzbekiston uchun yangi yoʻnalishlarda aviareyslar qoʻyilishida muhim tashabbuslar koʻrsatib kelyapti.

    Jumladan, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 2018-yili Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahrigacha ilk marta toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2021-yil may oyida Misrning eng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, shu yilning oʻzida Vyetnamning Phu Quok oroliga ham yangi yoʻnalish ochildi. Bundan tashqari, 2022-yil yozda Vyetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar qoʻyildi.

    2023-yilda esa, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan iyun oyidan boshlab, Chernogoriya va Vyetnamning Nyachang shaharlari oʻrtasida doimiy toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qatnovi yoʻlga qoʻyildi.