Veb-tadbirda Tokio universiteti Jamoat salomatligi fakulteti Ijtimoiy va preventiv epidemiologiya kafedrasi professori Satoshi Sasaki, Funksional oziq-ovqat boʻyicha davlat standartlashtirish qoʻmitasi tadqiqotchisi Ota Tayeko, Tokiodagi nutritsiologiya kollejida oʻzbek taomlari boʻyicha lektor Dilafruzxon Abdullayeva ishtirok etdilar. Oʻzbekiston tomonidan esa Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning ilmiy-tadqiqot markazlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari qatnashdi.
Uchrashuvda tibbiyotning nutritsiologiya yoʻnalishida oziqlanish va sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish orqali yurak-qon tomir va boshqa xastaliklarning oldini olish hamda aholi umrini uzaytirishga qaraltilgan ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.
Yaponiya vakillari Oʻzbekistonda nutritsiologiya sohasida amalga oshirilayotgan turli ilmiy-tadqiqot ishlari va ularning natijalari bilan tanishdilar. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning ilmiy-tadqiqot markazlarida funksional ovqatlanish yoʻnalishida bir nechta tadqiqotlar, xususan, Yaponiyaning nutritsiologiya sohasidagi muvaffaqiyatlariga asoslangan holda respublikaga mos ovqatlanishni ishlab chiqish, shuningdek, allergiya jihatdan oziq-ovqatlarni oʻrganish, qariyalar va sportchilar uchun funksional ovqatlarni ishlab chiqish kabi ilmiy tadqiqotlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tokio universiteti Jamoat salomatligi fakulteti Ijtimoiy va preventiv epidemiologiya kafedrasi professori Satoshi Sasaki oʻz maʼruzasida oʻzbek tomoni uchun eng muhim yoʻnalishlarga toʻxtaldi. U ovqatlanishning ozuqa tarkibi boʻyicha Oʻzbekiston uchun milliy maʼlumotlar bazasini yaratish, oziq-ovqat indeksi boʻyicha milliy standartlarni ishlab chiqish, diyetoterapiya, yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklarining oldini olish mavzularida qoʻshma loyihalarni birgalikda amalga oshirish mumkinligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida loyihalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish uchun har ikki tomondan masʼul shaxs-koordinatorlar tanlab olindi. Shuningdek, chora-tadbirlar rejasini har tomonlama muhokama qilish va moliyalashtirish manbalarni aniqlash uchun alohida uchrashuv oʻtkazishga kelishib olindi.