Oʻzbekiston-Vengriya: Yangi biznes shartnomalari

    Biznes 4 Oktabr 2022 1668

    2022-yil 3-oktyabrda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Vengriya-Oʻzbekiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

    Biznes-forumda ikki davlatning rasmiy tuzilmalari: vazirliklar, idoralar, savdo-sanoat palatalari, uyushmalar, agentliklar va banklar, yirik kompaniyalar ishtirok etdi. Tadbirda Oʻzbekistonning turli soha va tarmoqlari vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati hamda uyushmaga aʼzo korxonalar onlayn ishtirok etdi.

    Biznes-forum davomida “Oʻzbekistonga nima uchun sarmoya kiritish lozim?”, “Exim Hungary– Vengriya eksport-kredit agentligi” va boshqa mavzularda taqdimotlar oʻtkazildi. Biznes-forum doirasida bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

    Forum davomi B2B muzokaralar boʻlib oʻtdi. Shu tariqa, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Vengriya korxonalari bilan bir qator samarali uchrashuvlar oʻtkazdi. “Mattai” bilan muloqot chogʻida charm-poyabzal sanoatida qoʻllaniladigan texnologiyalar sohasida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, kompaniya vakillari Oʻzbekistondan tayyor charm import qilish, autsorsing va franchayzing asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqish bildirdi.

    Milliy brendimiz “Sitonni” Vengriyaning “Apollo Cipoipari” kompaniyasi bilan brend poyabzallarni autsorsing va franchayzing shartlarida ishlab chiqarish boʻyicha shartnoma imzoladi. Loyihaning umumiy qiymati 1,6 million dollarni tashkil qiladi. Vengriyaning “Tisza Cipo” va Oʻzbekistonning “Classica Shoes International” (KFK) kompaniyasi oʻrtasida poyabzalning ustki qismini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha umumiy qiymati 800 ming dollar boʻlgan loyiha boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “Andras Gladinetz” Oʻzbekistondan maxsus poyabzal sotib olishga ham qiziqish bildirdi.

    Oktyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-2022” xalqaro koʻrgazmasida ikki mamlakat korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikning keyingi istiqbollari atroflicha muhokama etiladi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.