Vazirlik maʼlumotiga koʻra, tashrif doirasida Vetnam qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Phung Duk Tiyen bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan. Unda ikki davlat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalaridagi hamkorlikning keng koʻlamli masalalari muhokama qilindi.
Muloqot yakuni boʻyicha ikki davlat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik qilish, qishloq xoʻjaligi va oʻsimliklar karantini sohasida hukumatlararo hujjatlarni tayyorlash boʻyicha ishchi guruh tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti va Vetnam qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining sholichilik boʻyicha ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirokida sholining yangi yuqori mahsuldor va barqaror navlarini yaratish uchun Oʻzbekiston hududida qoʻshma sholichilik markazini tashkil etish boʻyicha ahdlashib oldi.
Bundan tashqari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti va Vetnam milliy agrar universiteti oʻrtasida sholichilik yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma magistratura oʻquv dasturini yaratish yuzasidan bir toʻxtamga kelindi.
Muloqot davomida Toshkent davlat agrar universiteti va Vetnam milliy agrar universiteti oʻrtasida sholichilik va baliq yetishtirish yoʻnalishida kadrlar malakasini oshirish va qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi masalasi ham muhokama qilindi.
Ipakchilik boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish uchun vetnamlik talaba va olimlarni Oʻzbekistonga yuborish masalasini ishlab chiqish xususida soʻz yuritildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi ikki kunlik tashrif davomida Vetnam Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasida tajriba sholi maydonlari va qulupnay yetishtirishga moʻljallangan yil davomida faoliyat yurituvchi issiqxona majmuasi, Xanoy shahridagi “MTT Vietnam Investment” kompaniyasining yem ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishdi.
Bundan tashqari, Vetnam kompaniyalari bilan sholichilik, baliqchilik, qisqichbaqa yetishtirish, sabzavot va poliz ekinlari urugʻchiligi kabi sohalarda qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni yoʻlga qoʻyish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.








