O‘z mehnat faoliyatini 1942-yilda “O‘zbek davlat sirki” respublika birlashmasida chavandoz sifatida boshlagan Xakim Zaripov sirk sanʼati sirlarini yoshlarga o‘rgatib, yarim asrdan ziyod jahon arenasida tomosha ko‘rsatib kelayotgan Zaripovlar sulolasi vakillaridan biri edi.
X.Zaripov umri davomida sirk manejida “yashadi” va 1946 – 1997-yillar davomida sirk sanʼatining ustasi, iqtidorli chavandozi, hayvon o‘rgatuvchisi, masxaraboz, kino aktyori, kaskadyor sifatida jahon sirki tarixidan munosib o‘rin egalladi.
Xakim Zaripov o‘zbek sirki sanʼatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan usta, badiiy va ijodiy guruh rahbari, otasining ishini munosib davom ettirgan, respublika va jahon miqyosida o‘tkazilgan tomoshalarda qatnashib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘targan, butun dunyoga o‘zbek sirkini tanishtirgan artist sifatida el-yurt hurmatiga sazovor bo'lgan mehnat faxriysi edi.
Madaniyat va turizm vazirligi jamoasi Zaripov Xakim Karimovichning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.