Ayni kunlarda madaniyat va sanʼat saroylari ajoyib uchrashuvlar, ijodkorlar bilan oʻtayotgan muloqotlar bilan gavjum.
Kuni kecha Qibray tumanidagi “Doʻrmon” madaniyat saroyida oʻtkazilgan madaniy kecha ham unutilmas lahzalarga boy boʻldi.
Tadbir Oʻzbekiston xalq hofizi, oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatida lirika yoʻnalishiga asos solgan chinakam sanʼatkor Faxriddin Umarov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Ardoqli hofizning farzandi Jamoliddin Umarov hamda Qibray tumani hokimligi madaniyat boʻlimi tashabussi bilan oʻtkazilgan “Meni yod et” deb nomlangan xotira kechasida oddiy mehnat ahlidan tortib, taniqli shoir va xonandalar jam boʻldi. Eʼtiborlisi, qardosh respublika — qirgʻiz diyoridan ham mehmonlar taklif etildi.
Faxriddin Umarovdan qoʻshiq aytish sirlarini oʻrganib, sahnaga chiqqan oʻshlik xonanda — Qirgʻiziston xalq artisti Rasuljon Oʻrayimjonovning ishtiroki kechaga oʻzgacha fayz kiritdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Shukur Dadash, Ziyovuddin Mansur kabi ijodkorlar ham oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashib, yangi sheʼrlaridan oʻqib berdi.
Xotira kechasida ustoz sanʼatkorning shogirdlari ham ishtirok etib, el aro mashhur boʻlgan bir qancha qoʻshiqlari ijro etildi.