Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining ilmiy salohiyati 66 foizni tashkil etadi. Ayni paytda Akademiyada “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar”, “Mumtoz sharq filologiyasi” hamda “Islomshunoslik” fakultetlari mavjud boʻlib, ularning tarkibida 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 1 ming 670 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 1 ming 430 nafar talaba bakalavriat, 240 nafari esa magistratura bosqichida oʻqiydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “2022/2023 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”farmoyishi qabul qilindi.

Unga muvofiq, kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha jami 14 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 300 ta qabul kvotasi ajratildi. Jumladan, “Dinshunoslik” 25 ta, “Islomshunoslik (qurʼonshunoslik, hadisshunoslik, islom huquqi, aqida va tasavvuf, islom tarixi va manbashunosligi)” 50 ta, “Filologiya va tillarni oʻqitish (arab tili)” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 30 ta qabul kvotalari belgilandi.

Ahamiyatlisi, joriy yildan ilk marotaba “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (arab tili)”, “Jurnalistika (xalqaro jurnalistika)”, “Yurisprudensiya (islom huquqi)”, “Kompyuter injiniringi (“Kompyuter injiniringi”, “AT servis”, “Axborot xavfsizligi”, “Multimedia texnologiyalari)” taʼlim yoʻnalishlariga qabul oʻtkazilmoqda.

Bundan tashqari, ilk marotaba 2022/2023 oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriatining sirtqi hamda kechki taʼlim shakllari boʻyicha davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari tasdiqnlandi. Unga koʻra, 9 ta taʼlim yoʻnalishiga jami 250 ta qabul kvotasi ajratildi. “Islom iqtisodiyoti va moliyasi”, “Tarix (islom tarixi va manbashunosligi)” yoʻnalishlari shular jumlasidandir.