Tadbirni Din ishlari qoʻmitasi raisi Sodiq Toshboyev, Sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirraximov hamda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov tabrik soʻzlari bilan ochib berishdi. Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari onlayn tarzda tabrik yoʻlladi.

Ilmiy anjumanda yosh olimlar, mutaxassislar, doktorantlar va magistrantlar, xorijiy mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va soha mutaxassislari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, respublikadagi diniy taʼlim muassasalari va sohaga oid tashkilotlarning mutaxassislari ishtirok etdi.

Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni ragʻbatlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni taʼminlashga qaratilgan maʼnaviy-axloqiy tamoyillari bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Konferensiyada islom dinida jismoniy faoliyat va sportning ahamiyati, inson salomatligini mustahkamlash va jismoniy quvvatni oshirishga qaratilgan maʼnaviy-axloqiy qarashlarni tahlil qilish, islomda ovqatlanish madaniyati, sogʻlom ovqatlanishning ahamiyati va jismoniy, ruhiy holatni yaxshilashga oid amaliy tavsiyalar ochib berildi.

Shuningdek, konferensiyada asosan islom dinida sogʻlom turmush tarzini rivojlantirish, jismoniy faollik va salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan yondashuvlar, islomda sogʻlom ovqatlanishning ahamiyati, ruhiyatni yaxshilash va jismoniy salomatlikni oshirish masalalari, islom dinining tinchlikparvarlik mohiyati, sport va jismoniy tarbiya vositasida jamiyatda tinchlikni mustahkamlash, sportni yoshlar oʻrtasida kengaytirish va ragʻbatlantirish: ommaviy sport tadbirlari orqali yoshlarda sportga qiziqish uygʻotish, ularda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, islomning jismoniy tarbiya va sportni hayotga tatbiq etishda, shuningdek, jismoniy va maʼnaviy sogʻlomlikning asosi sifatidagi targʻibotidagi roli, jamiyatdagi ijtimoiy oʻzgarishlarga taʼsiri kabi masalalar muhokama qilindi.

Konferensiya natijasida islomda sport, toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi bilan bogʻliq masalalar haqidagi tadqiqotlar yanada chuqurlashadi.

Muxtasar aytganda, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi va sportga qiziqishni oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar ishlab chiqiladi, bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.