Oʻzbekiston-Xitoy: Loyihaning ilk natijalari va rivojlanishi

    Loyiha Oʻzbekistonda turizm sohasida mavjud kambagʻallik, gender tengsizlik va bandlik muammolarining amaliy yechimlarini topishga qaratilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Axborot xizmati xabariga koʻra, Turizmni rivojlantirish instituti “Aqlli shahar” hamda “Yangi industriya” dengiz va kontinental Ipak yoʻli shaharlari alyansi qoʻmitasi (MCSR-SNR) (Xitoy) bilan hamkorlikda Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligi doirasida “Turizm kambagʻallikni qisqartirishga yordam beradi: Oʻzbekistondagi ayollar bandligi va rivojlanishi” loyihasi doirasida ikkinchi onlayn uchrashuv tashkil etildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbariyati, Xitoy hamda Oʻzbekistonning turizm va madaniyat sohasidagi yetakchi mutaxassislari, shuningdek, Yaponiya va Qozogʻiston turizm sohasi ekspertlari ishtirok etdi. Yigʻilishdan koʻzlangan maqsad turizm va madaniyatni rivojlantirish, tiklash hamda targʻib qilishda muhim masalalarni muhokama qilish boʻldi, bundan tashqari, pandemiya taʼsiri natijasida turizmni qayta tiklashda Xitoy tajribasi bilan oʻrtoqlashildi. Loyihaning birinchi bosqichida Oʻzbekiston sayyohlik biznesi vakillari oʻrtasida ijtimoiy soʻrov oʻtkazish, tadqiqot natijalarini umumlashtirish va hisobot tayyorlashdan nazarda tutilgan.

    “Turizm qashshoqlikni kamaytirishga koʻmak beradi: Oʻzbekistonda bandlik masalalari va xotin-qizlarni rivojlantirish” loyihasining asosiy maqsadi Oʻzbekiston mehnat bozorida xotin-qizlarning amaldagi holatini oʻrganish, ularning turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish hamda mehnat faoliyatidan foyda olish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan. Uchrashuv davomida Oʻzbekiston ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan tahlil natijalari taqdim etilib, unda Oʻzbekiston hukumati tomonidan gender tenglik masalasi, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash va bandlik, taʼlim hamda boshqa masalalar boʻyicha amalga oshirilayotgan zarur qadamlar haqida fikr yuritildi.

    Uchrashuv ishtirokchilari turizmni rivojlantirish, shuningdek, turizm sohasida xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash ga doir tajribalari bilan almashishdi. Loyihani rivojlantirish yoʻlidagi keyingi qadamlar belgilab olindi. Joriy yilning oktyabr oyida Turizmni rivojlantirish instituti tomonidan turizm sohasida hukumatlararo ilmiy-tadqiqot loyihasi boshlangan boʻlib, “Turizm kambagʻallikni qisqartirishga yordam beradi: Oʻzbekistondagi ayollar bandligi va rivojlanishi” mavzusida xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

    Mazkur loyiha Oʻzbekistonda turizm sohasida mavjud kambagʻallik, gender tengsizlik va bandlik muammolarining amaliy yechimlarini topishga qaratilgan boʻlib, unda Xitoyning yetakchi ekspertlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbarligidagi turizm sohasi masʼullari ishtirok etdi.