Tadqiqotlarga koʻra, anafilaktik shok 20-30 foiz holatda hasharotlar chaqishi tufayli yuzaga keladi. Agar shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilmasa, bunday bemorlarning hayoti oʻlim bilan yakunlanishi mumkin.
Markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikovaning taʼkidlashicha, insekt allergiya asosan asalari, ari, qovoqari, tukli ari va chumolilar chaqishi oqibatida rivojlanadi. Bunday holatlarda tanada holsizlik, teri oqarishi, qichishish, nafas qisishi, qon bosimining tushishi va hushdan ketish kabi belgilari kuzatiladi. Kuzatuvlarga koʻra, bu turdagi allergiya bolalarga nisbatan kattalarda koʻproq uchraydi.
Allergen spetsifik immunoterapiya (ASIT) — hayot uchun xavfli anafilaktik reaksiyalarning oldini olish imkonini beruvchi yagona samarali usul hisoblanadi. Muolaja jarayonida bemor organizmiga allergen (masalan, ari zahri)ning tuzli-suvli eritmasi kichik dozalarda yuboriladi. Bu orqali allergenga nisbatan javob reaksiyasi pasayib, kasallik belgilari yoʻqoladi.
Natijada qondagi umumiy IgE miqdori ozayib, bloklovchi antitana — IgG4 koʻpayadi. Shu tariqa kasallik simptomlari kamayadi va hatto xastalik bemorni umuman bezovta qilmaydi. Xuddi shu immunoterapiya yordamida hayot uchun xavfli boʻlgan anafilaktik reaksiyalar rivojlanishining oldi olinadi.
Joriy yil markazimizda Markaziy Osiyoda ilk bor ari zahri asosida tayyorlangan maxsus immunoterapiya preparati yordamida bemorlarni davolashni yoʻlga qoʻydik.
Eʼtiborli jihati, hozirgacha bu muolaja usuli dunyo boʻyicha atigi ikki mamlakat — Gruziya va Turkiyada amalga oshirib kelinayotgan edi. Endilikda ular safiga Oʻzbekiston ham qoʻshilib, mazkur ilgʻor texnologiyani joriy etgan uchinchi davlat sifatida jahon tibbiyot hamjamiyati eʼtiboriga tushdi.
Bu immunoterapiya usuli shunchaki simptomlarni yengillashtirib qolmay, allergiya sababini tubdan bartaraf etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.









