Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashabbusi bilan Qozogʻiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya Respublikalarining transport vazirligi hamda temir yoʻl sohasi vakillari oʻrtasida videokonferentsaloqa shaklida uchrashuv oʻtkazildi.

 Uchrashuvda “Xitoy – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa” xalqaro transport yoʻlagini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim imzolash bilan bogʻliq jarayonlarni jadallashtirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama etildi. Shuningdek, davlatlar oʻrtasida xalqaro transport va tranzit yoʻnalishini rivojlantirish bilan bogʻliq jihatlar koʻrib chiqildi.

 Tomonlar “Xitoy – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa” xalqaro transport koridorini rivojlantirish barcha uchun birdek manfaatli ekanligini, ushbu yoʻlak tranzit tashuvlari va mamlakatlar oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qilishini taʼkidladi.

 Zero, ushbu tarixiy hamkorlikning umumiy maqsadi mintaqada savdoni rivojlantirish, xalqaro yuk tashuvlar hajmini oshirish, tranzit tashuvlari va undan tushadigan tushumlarni koʻpaytirishdan iboratdir. Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.

 Yangi muqobil transport yoʻlaklarini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan Oʻzbekiston Respublikasining jahon transport-logistika tarmoqlariga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish va milliy transport tizimining salohiyatini oshirish maqsadlariga erishishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.