Oʻzbekiston-Yaponiya sarmoyaviy hamkorligi istiqbollari muhokama etildi

    Investitsiyalar 15 Dekabr 2022 1287

    Joriy yil 15-dekabrda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchi ijrochi direktori M. Uchida, Kyuden International prezidenti R. Yusu va Sojitz korporatsiyasining bosh operatsion direktori T. Nishikavadan iborat Yaponiya delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda “Sirdaryo viloyatida EDF (Fransiya), Nebras Power (Qatar), Sojitz Corporation va Kyuden International (Yaponiya) konsorsiumi tomonidan quvvati 1 600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” loyihasini amalga oshirishni yanada jadallashtirish masalalari muhokama etildi.

    Yaponiya kompaniyalari vakillari loyihani ilgari surishda koʻrsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, 2023-yil fevraldan qurilish-montaj ishlarini boshlash rejalarini maʼlum qildi.

    Oʻz navbatida, JBIC rahbariyati Bank moliyalashtirishga tayyorligini bildirib, ushbu loyiha Oʻzbekistonda birinchi boʻlib suveren kafolatsiz amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

    Maʼlumot uchun: JBIC bilan hamkorlik oʻrnatilganidan buyon umumiy qiymati 2,6 milliard dollardan ortiq boʻlgan 11 ta loyiha amalga oshirilgan boʻlib, shundan bank krediti 1,4 milliard dollarni tashkil etadi.

    Uchrashuvda, shuningdek, Sojitz korporatsiyasi va Kyuden International kompaniyalari bilan qayta tiklanadigan energiya, vodorod energetikasi, kimyo va sogʻliqni saqlash sohalarida DXSH loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.