Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning rivojlanish dinamikasiga, shuningdek, Yaponiya kompaniyalarining Oʻzbekistonda biznes yuritishga boʻlgan qiziqishi tobora ortib borayotganiga yuqori baho berildi.
Tomonlar Yaponiya korporatsiyalari va moliya tashkilotlarini jalb qilgan holda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar ijrosiga qisqacha toʻxtalib, ularning koʻlami va Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ahamiyatini taʼkidladilar.
Kelishilgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashish maqsadida hamkorlikni rivojlantirishning keyingi yoʻnalishlari belgilab olindi.
Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish hamda suvdan oqilona foydalanish va bu borada muvozanatni taʼminlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlari alohida koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida amaldagi kelishuvlarni oʻz vaqtida hayotga joriy qilish, shuningdek, hamkorlikning yangi oʻsish nuqtalarini kashf etish boʻyicha birgalikda ish olib borishga oʻzaro sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.