Transport vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, xizmat safari davomida Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi, Koreya transport instituti hamda Seul shahri maʼmuriyatining tegishli mutaxassislari bilan konsultativ uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Seul shahri jamoat transporti sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi islohotlar, xususan, shaharda joriy etilgan avtobus yo‘laklari (BRT), integrallashgan elektron to‘lov (T-Money) tizimi, daromadlarni tashuvchilar o‘rtasida taqsimlashda “Pool” tizimi, jamoat transport infratuzilmasida aholining zaif qatlamlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreya shaharlarida joriy etilayotgan transportdan holi bo‘lgan “yashil” hududlar va jamoat transporti parki uchun elektrobuslar xarid qilishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tajribalari o‘rganildi.
O‘zbekiston vakillari Seul shahar maʼmuriyati qoshida tashkil etilgan transport maʼlumoti xizmati (TOPIS) faoliyati bilan tanishdilar. TOPIS xodimlari shahar transport tizimini operativ boshqaruv faoliyati, haydovchisiz harakatlanayotgan transport vositalarining pilot loyihalari hamda real vaqt rejimida transport va yo‘l maʼlumotlarini tahlil qilib borish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdilar.
Uchrashuvlar davomida Toshkent shahrida jamoat transporti sohasini isloh qilish, shu jumladan, “yashil” transport yo‘laklarini joriy etishda o‘zaro bilim va tajriba almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.