Kecha Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida 23 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi boshlandi. Ochilish oʻyinida mezbon Saudiya Arabistoni Qirgʻiz Respublikasiga qarshi maydonga tushib, 1:0 hisobida gʻalaba qozondi. “A” guruhining yana bir uchrashuvida esa Vetnam Iordaniyani 2:0 hisobida magʻlub etdi.
7-yanvar kuni “B” va “C” guruhlaridan oʻrin olgan oʻyinlar boʻlib oʻtadi. Xususan, Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da “Prince Faisal Bin Fahd” stadionida Livan bilan kuch sinashadi.
Undan avval esa guruhimizdagi Koreya Respublikasi hamda Eron terma jamoalari oʻzaro bahs olib boradi.
Livan U-23 terma jamoasi ushbu turnirda ilk bor ishtirok etmoqda. Bu — Oʻzbekiston va Livan yoshlar terma jamoalari oʻrtasidagi Osiyo kubogidagi ilk rasmiy uchrashuv boʻladi.
Saralash bosqichida raqibimiz “F” guruhidan muvaffaqiyatli tarzda final bosqichiga yoʻl oldi. Ular Malayziya, Tailand va Moʻgʻuliston jamoalariga qarshi oʻyinlar oʻtkazib, yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Natijalar:
- Malayziya — Livan 0:1
- Livan — Tailand 2:2
- Livan — Moʻgʻuliston 3:0
Jamoa tarkibida xorijda toʻp surayotgan futbolchilar ham bor. Umuman olganda, 7 nafar legioner mamlakat sharafini himoya qilmoqda.
Jamoaning bosh murabbiyi — Jamal Taha.
U-23 Osiyo kubogi tarixiga nazar tashlasak, Oʻzbekiston soʻnggi toʻrt turnirning uchalasida finalga chiqdi. Bir marta chempionlikni qoʻlga kiritilgan boʻlsa, ikki bor kumush medalga ega chiqildi. Soʻnggi musoba esa futbolimiz uchun alohida tarixiy voqelik boʻlib, Olimpiada yoʻllanmasini taqdim etgani bilan ahamiyatlidir.
Oʻzbekiston U-21 terma jamoasi bu galgi musobaqada asosan 19–21 yoshli futbolchilar bilan qatnashmoqda. Qayd etish kerak, bunda asosiy urgʻu keyingi turnirga qadar futbolchilarga Osiyo kubogi tajribasini taqdim etish, reja asosida Olimpiada yoʻllanmasini beruvchi turnirga tizimli tayyorgarlik koʻrishga qaratilgan.
Musobaqa arafasida oʻtkazilgan matbuot anjumanida bosh murabbiy Ravshan Haydarov shunday dedi:
“Biz maydonga ishonch bilan tushishni maqsad qilganmiz. Futbolchilarga bu turnir katta futbolga koʻprik boʻlib xizmat qilishini aytdim. Yaxshi niyat va maqsadlar bilan musobaqaga keldik.”
Oʻzbekiston guruh bosqichida, shuningdek, Eron va Koreya Respublikasi terma jamoalariga qarshi ham bahs olib boradi. Mazkur uchrashuvlar mos ravishda 10 va 13-yanvar kunlari boʻlib oʻtadi.