Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
SISGP stipendiya dasturi barqaror rivojlanishga hissa qoʻshishni maqsad qilgan, yetakchilik salohiyatiga ega boʻlgan yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Dastur doirasida Shvetsiyaning 29 ta yetakchi oliy taʼlim muassasasida amalga oshirilayotgan ingliz tilidagi magistratura dasturlari qamrab olinadi. Ular orasida KTH, Lund University, Uppsala University, Karolinska Institute, Chalmers University kabi Yevropa top-universitetlari ham mavjud.
Oʻzbekiston fuqarolari davlat boshqaruvi, tibbiyot, tadbirkorlik va innovatsiyalar, shuningdek STEM — fan, texnologiya, muhandislik va matematika yoʻnalishlari boʻyicha magistratura dasturlariga hujjat topshirishlari mumkin.
Tanlov qoidalariga koʻra, oʻqish dasturini tanlash nomzod ixtiyorida qoladi. Shu bilan birga, barqaror rivojlanish ustuvor yoʻnalishlariga mos keladigan hamda olingan bilimlarni nomzod oʻz mamlakatisida amaliyotga joriy etish imkoniyatini koʻrsatib beradigan arizalarga ustunlik beriladi.
Ariza topshirish jarayoni ikki parallel bosqichda amalga oshiriladi. Avvalo, nomzod magistratura dasturini tanlab, universitetlarga markazlashgan www.universityadmissions.se platformasi orqali 2026-yil 15-yanvarga qadar hujjat topshiradi. Shundan soʻng, 2026-yil 9–25-fevral kunlari oraligʻida Shvetsiya instituti stipendiyasi uchun alohida ariza taqdim etiladi.
Nomzodlardan kamida bakalavr darajasiga ega boʻlish, ingliz tilini belgilangan darajada bilish, tanlangan yoʻnalishga mos kamida bir yillik ish tajribasi hamda yetakchilik qobiliyati va motivatsiyani aks ettiruvchi xat taqdim etish talab etiladi.
Maʼlumot uchun, Shvetsiya instituti — taʼlim, fan, madaniyat, demokratiya va barqaror rivojlanish sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi davlat tashkilotidir.