Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 14-fevral kuni o'tkazilgan yoshlar bilan muloqot mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida yoshlar siyosatiga berilayotgan e'tiborning yaqqol namunasidir. Bugun yoshlarimizga berilayotgan imkoniyatlar ko'lami kundan-kunga kengayib bormoqda.
Ta'lim sohasidagi islohotlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, oliy ta'lim muassasalari soni 3 barobar oshirilgani natijasida bugun 42 foiz yoshlarimiz oliy ta'lim bilan qamrab olingan. Xotin-qizlarimiz uchun magistratura bosqichida shartnoma to'lovlarining davlat tomonidan qoplanishi natijasida ularning soni 11 barobarga ko'paydi.
Ilmiy salohiyatni oshirish borasida ham sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 barobar ko'payib, 4 ming nafardan oshdi. "El-yurt umidi" jamg'armasi orqali so'nggi 7 yilda 2 ming 300 nafar vatandoshimiz xorijda tahsil olish imkoniyatiga ega bo'ldi. Bundan tashqari TOP-300 universitetlarida taxsil olgan yoshlarimiz davlat organi yoki davlat muassasasida ishlasa 30 yoshga kirhunga qadar qo‘shimcha to‘lovlar bilan rag‘batlantirilishi mexanizmi yaratilgan. Endi esa bunga qo‘shimcha ravishda reytingi yuqori xalqaro universitetlarda ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi ham belgilandi. Xorijda o‘qish va xorijda o‘qib kelgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning bunday mexanizmi dunyoda yo‘q va tahsinga sazovor tizimdir.
Yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Yoshlar agentligi huzurida maxsus jamg'arma tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag' ajratiladigan hamda tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so'mgacha imtiyozli kreditlar beriladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, Аloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch bankka aylantirilib, unga 200 million dollar beriladi. Аloqabank oʼzini oʼzi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi. Shuningdek, Milliy bankka 100 million dollar yo‘naltirilib, oliy taʼlim bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha bank xizmatlari joriy etilishi belgilandi.
Kreativ iqtisodiyot sohalarida faoliyat ko'rsatayotganlarning 98 foizi yoshlar ekanligi e'tiborga molik. Bu borada biznes maktablari tashkil etilmoqda, innovatsion xizmat ko'rsatish usullari o'rgatilmoqda. Shu O‘rinda mamlakatimizda Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi Qonun qabul qilingaligi alohida ahamiyatlidir.
Konstitutsiyamizda yoshlarning ta'lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo'lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilandi. Bu esa yoshlar huquqlarining yanada mustahkam kafolatlanishiga xizmat qiladi.
Yuridik ta'lim sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassis sifatida ta'kidlashim joizki, yoshlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o'z qobiliyat va iste'dodini ro'yobga chiqarishi uchun barcha huquqiy asoslar yaratilgan. "Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to'g'risida"gi Qonun, "Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida"gi Qonun va boshqa me'yoriy hujjatlar buning yaqqol dalilidir. Shu o‘rinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etilib, yoshlarni bevosita qonunchilik jarayoniga jalb etilganligi o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatdi. Hozirda esa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risidagi tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, ushbu komissiya yoshlarning bilim va demokratik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Bularing barchasi mamlakatimizda, davlat hokimiyati va davlat boshqaruvining barcha bosqichlarida yoshlarga e’tibor berilayotganligi, ularning barkamol avlod bo‘lib shakllanishiga qaratilgan siyosat olib borilayotganligini namoyon qiladi.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, bugungi kunda O'zbekistonda yoshlarga berilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar Yangi O'zbekistonning Renessans yo'lidagi muhim qadamidir. Yoshlarimiz uchun yaratilayotgan bunday sharoitlar, shubhasiz, ularning kelajakda yetuk mutaxassis va vatanparvar inson bo'lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Islambek Rustambekov,
Yuridik fanlari doktori, professor
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.b.