– Amerikada, ona Vatanimizdan minglab chaqirim olisda tahsil olayotgan bo‘lsak-da, mamlakatimizdagi har bir o‘zgarish, yangilikdan boxabarmiz. Xalqimiz hayotidagi yengilliklardan quvonamiz.
Prezidentimiz uchrashuvda davlatimiz ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyotdagi yangilanishlar natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his qilishi kerakligini, bu yo‘lda xorijda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirgan yuqori malakali mutaxassislar vatanga qaytib kelishi va butun salohiyati bilan yangi O‘zbekistonni barpo etishda ishtirok eta olishi uchun barcha sharoit yaratib berilishini ta’kidladi. Bugun shu yerdagi har bir o‘zbekistonlikda kuchli Vatan hissi va uning rivojiga hissa qo‘shish ishtiyoqini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim.
Davlatimiz rahbari sizlar qayerda bo‘lmang, yagona O‘zbekiston farzandlari ekaningizni anglab, shu buyuk tuyg‘uni e’zozlab, munosib bo‘lib yashash, ta’lim olish va mehnat qilish maqsadingizga aylanishi lozim, deya ko‘plab tavsiyalar berdi. Qiyinchiliklardan qo‘rqmasligimizni aytdi. “Sizlarni O‘zbekistonda kutib qolamiz”, deganida to‘lqinlanib ketdim.
Men Buxoro viloyatining Olot tumanida matematiklar oilasida tug‘ilganman. Qorako‘l akademik litseyi o‘quvchisi sifatida, 2017-yili Braziliyada o‘tgan xalqaro matematika olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritdim. O‘sha paytlari xorijda nufuzli universitetlarning birida tahsil olishni juda ham xohlagan edim. Afsuski, oilaviy sharoitimiz bu orzuning ro‘yobga chiqishiga yo‘l bermagan.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘qidim. Ayni paytda AQSHdagi Dyuk universitetida iqtisodiyot va sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qishni davom ettiryapman.
Universitetda o‘qish jarayonida nafaqat AQSH tajribasini, balki Angliya, Germaniya va Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlardan kelgan kursdoshlarimiz orqali ushbu davlatlardagi orttirilgan amaliy tajribani o‘rganishga muvaffaq bo‘lyapmiz.
O‘qishni tugatgandan so‘ng, mamlakatimizga qaytib, zamonaviy axborotni tahlil qilish uchun mo‘ljallangan dasturlarni yaratib iqtisodiy o‘sishimizni jadallashtirishga munosib hissamni qo‘shmoqchiman. Iqtisodiyot nazariyasi va amaliy bilimlarimni universitet talabalari bilan bo‘lishish orqali ularda ham shunday ko‘nikmalar shakllanishiga yordam beraman.
AQSHda Prezidentimiz bilan bo‘lgan ochiq muloqotda biz ham ishtirok etdik. Biz uchun muhim bo‘lgan mazkur tadbirda xorijda akademik faoliyatni tugatganimizdan so‘ng, olgan bilimlarimizni yanada mustahkamlash uchun o‘z mutaxassisligimiz bo‘yicha Amazon, Microsoft, Apple yoki Morgan Stanley, Jahon banki hamda yirik kompaniya va xalqaro tashkilotlarda stajirovkalar o‘tash lozimligi taklifini bildirdim.
Eng katta orzuim iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olish va yurtimizda ko‘plab bilimli va vatanparvar insonlarning yetishib chiqishiga yordam berishdir. Shunda men Prezidentimiz bizga yaratib bergan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalangan, ota-onam, ustozlarim va xalqimizning ishonchini oqlagan bo‘laman.