Safar davomida kompaniya vakillari Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan zaʼfaron mahsuloti eksporti geografiyasini kengaytirish va hajmini oshirish boʻyicha ispan kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazdi, deya xabar beradi “Dunyo” AA.
“BMB Trade Group” vakillari Ispaniyaning eng yirik zaʼfaron yetishtiruvchi hududi — Kastilya La Mancha avtonom hamjamiyatiga tashrifi davomida Vilyarrobledo shahrida joylashgan yirik zaʼfaron yetishtiruvchi va sotuvchisi hisoblangan “Desbrin Azafran” kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashdi.
Ispan kompaniyasining zaʼfaron plantatsiyalari, uni qayta ishlash va qadoqlash quvvatlari bilan yaqindan tanishildi va tajriba almashildi. Muzokaralar chogʻida xorijlik mutaxassislar “BMB Trade Group” tomonidan ishlab chiqarilayotgan zaʼfaron sifatini yuqori baholab, ushbu mahsulotni sotib olishga qiziqish bildirdi. Korxona rahbari Karlos Fernandes Segoviyaning aytishicha, Oʻzbekiston zaʼfaroni Yevropa bozorlari talablariga toʻliq mos keladi.
Oʻzbekistonlik tadbirkorlar mamlakatimizning Madrid shahridagi elchixonasida “Xporting Goods Europe, S.L.” eksport-import kompaniyasi rahbari Xose Luis Morsilyo Rodrigez bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuv chogʻida Ispaniyaning ulgurji oziq-ovqat mahsulotlari import qiluvchi kompaniyalar va yirik riteyler-supermarketlar tuzilmalariga “BMB Trade Group” tomonidan ishlab chiqarilayotgan zaʼfaronni yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish masalasida hamkorlik oʻrnatish boʻyicha dastlab kelishuvlarga erishildi.