Qishloq xoʻjaligi vazirligining xabar berishicha, shu yilning 30-aprel kuni Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jamshid Abduzuxurov va boshqa masʼullardan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistonga xizmat safarini amalga oshirdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Afgʻoniston Qishloq xoʻjaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, tajriba almashinuvi, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur tashrif doirasida Oʻzbekiston-Afgʻoniston agrar hamkorligining amaliy namunasi sifatida Afgʻoniston hududida “Doʻstlik bogʻi“ barpo etilishi rejalashtirilgan yer maydoni – 100 gektarli hudud koʻzdan kechirildi.
“Doʻstlik bogʻi“ loyihasi doirasida zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishi, ikki davlat agrar sohasi mutaxassislarining hamkorlikda faoliyat yuritishi koʻzda tutilgan.
Loyiha orqali Afgʻoniston hududida intensiv bogʻdorchilik rivojlantirilib, meva yetishtirish salohiyatining oshishi, mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrinlarining yaratilishi va mintaqada barqaror iqtisodiy oʻsish uchun zamin yaratilishi kutilmoqda.
Mazkur tashabbus Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, oʻzaro hurmat va manfaatli hamkorlik asosida rivojlanib borayotgan ikki tomonlama aloqalarning muhim koʻrinishidir.








