Oʻzbekistonda 1-iyuldan boshlab aholiga kredit berish talablari kuchaytiriladi

    Moliya 24 Fevral 2024 1069

    Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 2024-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston banklari uchun aholiga kredit berish boʻyicha talablar kuchaytirishga oid qarorni imzoladi.

    Qaror bilan qarz yuki koʻrsatkichi joriy etilmoqda, u oʻrtacha kredit toʻlovlarining qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadiga nisbati orqali hisoblanadi.

    Qarz yuki koʻrsatkichi — bu qarz oluvchi oʻrtacha oylik daromadining soliqlar chegirib tashlangandan keyin barcha kreditlari va qarzlari boʻyicha shartnoma toʻlovlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ulushi hisoblanadi. Past QYUK qiymati qarz oluvchining daromadlari va xarajatlari balansi mavjud kreditlar boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashga imkon berishini koʻrsatadi. Yuqori daraja esa ortiqcha qarzni bildiradi, yaʼni qarz oluvchi har oy daromadining asosiy qismini qarzni toʻlashga sarflashga majbur boʻladi.

    Hozir Oʻzbekistonda qarz yuki talabi faqat mikrokreditlarga nisbatan qoʻllanadi va 50 foizni tashkil etadi. 2024-yil 1-iyuldan boshlab barcha kreditlarni (shu jumladan, mikrokreditlarni) berishda kreditorlar oʻz mijozlarining qarz yuki 60 foizdan oshmasligini taʼminlashi shart.

    2025-yil 1-yanvardan boshlab bu koʻrsatkich 50 foizgacha qisqartiriladi.

    Qarz yukini barcha kreditlar kontekstida hisoblashni joriy etish orqali regulyator aholi daromadlarini legallashtirishga erishish, oʻz daromadlarini qonuniylashtirgan qarz oluvchilarni kreditlashni ragʻbatlantirish, norasmiy daromadlarni baholashni rasmiylashtirish va banklarni masʼuliyatli kreditlashga jalb etishni maqsad qilgan.