Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati rahbari Murod Sodiqov ma'lum qildi.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

- gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;

- nostandart (qo‘lbola yasalgan) isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;

- isitish pechlari dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;

- havo almashmaydigan xonalarda ochiq olovdan foydalanish;

- shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan tahlillar olib borilganda, yong‘inlarning 36,3 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 27,1 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 13,6 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9,9 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 31 tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashidan sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.