Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining bachadon boʼyni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish boʼyicha global strategiyasida 9-14 yoshdagi qizlarni odam papilloma virusiga karshi emlash tavsiya etilgan.

Bachadon boʼyni saratoni tarqalishiga koʼra, jahonda ayollarda uchraydigan rak kasalliklari orasida toʼrtinchi oʼrinda turadi. Bu haqda Sogʼliqni saqlash vazirligi xabar berdi:

– Mamlakatimizda bu xastalik barcha yoshdagi ayollar oʼrtasida koʼkrak bezi saratonidan keyingi oʼrinni egallaydi, — deydi Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Xursanoy Jamalova. —  Oʼlim koʼrsatkichi boʼyicha esa barcha yoshdagi ayollar oʼrtasida koʼkrak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi va tugʼish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi pogʼonada qayd etiladi.

Shuning uchun ham bachadon boʼyni saratonini keltirib chiqaruvchi bu virusga qarshi emlash ishlarini olib borish kasallikka qarshi kurashishning eng samarali usuli  hisoblanadi.

Mamlakatimizda OPVga qarshi vaktsina bilan 9 yoshli qizlarni yalpi emlash 2019-yilda boshlangan edi. Biroq ushbu jarayonda qoʼllaniladigan  vaktsinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda emlash pulli asosda bajariladi. Yurtimizda esa oʼsmir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi.

Аyni paytda mamlakatimiz boʼyicha 12-14 yoshdagi qizlar orasida vaktsinatsiya jarayonlari 3 ming 138 ta emlash punktida amalga oshirilmoqda. 

Maʼlumot uchun, avvalroq yurtimizga Niderlandiyaning “Merk” korxonasida ishlab chiqarilgan 1 million 400 ming doza “Gardasil” vaktsinasi olib kelingan va yaroqliligi tekshirilib, tasdiqlangan edi.