Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-maydagi PF-5989-son “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlangʻich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanishi qayd etilgan.
Joriy yilning 23-oktyabr holatiga Nyu-York tovar birjasi yanvar-oktyabr oylarida 1 tonna paxta tolasining (Strict Low Middling) oʻrtacha fyuchers kotirovkalari AQSHning (Galveston, Xyuston, (Texas shtati), Memfis (Tennesi shtati), Yangi Orlean (Luiziana shtati)) portlariga yetkazib berish sharti bilan 1375,7 AQSH dollarini tashkil etdi.
Jahon bozorida shakllangan narxlar, paxta-toʻqimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va fermer xoʻjaliklarining, yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq masʼul etib belgilangan vazirlik va idoralarning takliflarini, shuningdek, paxta xomashyosini qayta ishlash, logistika va boshqa taalluqli xarajatlarni inobatga olgan holda Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekistonda yetishtirilgan toʻrtinchi tip ikkinchi nav birinchi sinf 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxi qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan birga 4522,5 ming soʻmni tashkil etganligini eʼlon qiladi.
Ushbu minimal narxdan kelib chiqqan holda, paxta xomashyosini yetishtiruvchi va uni qabul qiluvchi subyektlar shartnomaviy munosabatlar doirasida boshqa yuqori yoki past navli va sinfli paxta xomashyosining narxlarini oʻzaro manfaatli kelishuv asosida mustaqil ravishda belgilashadi.