Oʻzbekistonda 2022-yilga kungaboqar urugʻlarini qayta ishlash quvvati 1,1 million tonnaga yetadi

    Sanoat 18 Aprel 2021 2126

    «Oʻzyogʻmoysanoat» uyushmasi ekspertlari xulosasiga koʻra, 2022-yilga qadar kungaboqar urugʻlarini qayta ishlash quvvati yiliga qariyb 1,1 million tonnani tashkil etadi.

    Bu haqda Oʻzbekiston agrosanoat majmuasining dolzarb masalalari tahliliga bagʻishlangan onlayn muloqot platformasi (ZOOM) orqali “Asia Grains & Oils Conference: Online Edition”xalqaro konferensiyada soʻz yuritildi.

    Tadbir “Myande Group” va “ChemSta Machinery Manufacturing Co., Ltd” homiyligida tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston agrosanoat majmuasining dolzarb masalalari chuqur tahlil qilindi. Tadbirda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Ukraina, Qozogʻiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi kabi 30dan ortiq mamlakatlari oziq-ovqat sanoatining 130 nafardan ortiq yetakchi mutaxassislari va bozor ishtirokchilari qatnashdi.

    Chet ellik sheriklar uchun savdo aloqalarini oʻrnatish va davlat koʻmagida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarida Oʻzbekiston yildan yilga jozibador boʻlib bormoqda.

    — Mamlakatmizda oʻsimlik moyining oʻrtacha isteʼmol darajasi aholi jon boshiga 14 kilogrammga toʻgʻri keladi, — dedi uyushmasi boshqaruv raisining oʻrinbosari Kamar Serkayev mamlakatimiz yogʻ-moy sanoatining rivojlanish tendensiyalari haqidagi maʼruzasida. — Bundan tashqari, qayta ishlash sanoatining oʻsimlik moyiga boʻlgan yillik talabi 250 ming tonnani tashkil etadi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida 240dan ortiq yogʻ-moy korxonalari mavjud boʻlib, ularda 15 mingdan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan. 2020-yilda 280 ming tonnaga yaqin oʻsimlik moyi va 650 ming tonnadan ziyod shrot ishlab chiqarildi. Yogʻ-moy korxonalarining umumiy yillik quvvati 4,3 million tonna moyli urugʻlarni qayta ishlash imkonini beradi. Shundan 3,3 million tonnasi paxta chigitini hamda 1 million tonnasi soya va kungaboqar urugʻlarini qayta ishlashga moʻljallangan. Statistika shuni koʻrsatadiki, kelgusi yillarda qayta ishlash hajmi oʻsadi, ammo paxta chigitini qayta ishlash quvvati pasayadi, deb xabar beradi «Oʻzyogʻmoysanoat» uyushmasi matbuot xizmati.

    Shuni taʼkidlash kerakki, 2022-yilga qadar kungaboqar urugʻlarini qayta ishlash quvvati yiliga qariyb 1,1 million tonnani tashkil etadi. Ushbu yoʻnalishdagi eng ijobiy tendensiyalar Fargʻona vodiysi viloyatlari, Toshkent va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida kuzatilmoqda. Ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi keng assortimentdagi yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga olib keladi, ichki isteʼmol bozorini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash muvozanatini saqlab turadi, shuningdek, mahsulot tannarxi pasayib, daromad miqdori oʻsadi, - deydi maʼruzachi oʻz nutqida.