Oʻzbekistonda 2025-yili yanvar oyi ob-havosi qanday boʻladi?

    Oʻzgidromet oylik prognozni eʼlon qildi.

    2025-yilgi yanvar oyining birinchi yarmida Oʻzbekiston hududi boʻyicha anomal sovuq yoki anomal iliq sharoit kutilmayapti. Bu haqda Oʻzgidromet agentligi xabar bermoqda.

    Mutaxassislarning tahlil va bashoratlariga koʻra kirib kelayotgan yildagi yanvar oyining birinchi yarmida havo harorati oy boshi uchun boʻlgan oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqin boʻlib, kechalari −3…+2 daraja, kunduz kunlari +3…+8 daraja, shimolda kechalari −3…−8 daraja sovuq, kunduz kunlari 0…+5 daraja boʻladi.

    Keyinchalik oyning oxirigacha harorat kechalari +3…+8 darajadan −3…−8 darajagacha, shimolda −10…−15 darajagacha, kunduz kunlari +10…+15 darajadan −2…+3 darajagacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.

    Harorat kechalari −10…−12 darajagacha, shimolda −17…−20 darajagacha qisqa davrga pasayishi ehtimoli bor.

    Oyning ayrim kunlarida yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi kutilmoqda.