Joriy yilning 19-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan “Hukumat soati”da Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sherzod Hidoyatov Oʻzbekistondagi ijtimoiy soha obyektlari va koʻp qavatli uylarni kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi.
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi axborot xizmati “Uzreport.news” manbasiga xabariga koʻra, respublikada jami 39 691 ta koʻp kvartirali uy-joy mavjud boʻlib, shundan 20 837 tasi markazlashgan va induvidual (ikki konturli) issiqlik tizimi taʼminoti hamda qolgan 18 854 tasi alternativ usulda, yaʼni qoʻlbola pechlar, golland pechlari, issiq suv kolonkalari, elektr isitgichlar yoki boshqa turdagi loyihasiz isitish tizimidan foydalanib kelmoqda.
Shuningdek, 2022-2026-yillarda dastlabki qiymati 2,5 trln soʻm boʻlgan loyihalarni amalga oshirish, bunda 60 ta yangi qozonxona va 290 km issiqlik tarmoqlarini qurish rejalashtirilmoqda.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va hududiy hokimliklar bilan birgalikda 2023-yilda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi. Unga koʻra, 15 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, bunda 14 ta qozonxona va 119 km issiqlik tarmoqlarida modernizasiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Xususan, 5 ta qozonxona va 23 km issiqlik tarmoqlari quriladi, 9 ta qozonxona va 96 km issiqlik tarmoqlarida rekonstruksiya va modernizasiya ishlari amalga oshiriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra loyihalarning jami qiymati 395 mlrd soʻm tashkil etadi.
Loyihalarni amalga oshirish natijasida, 25 mingga yaqin xonadondan iborat 525 ta koʻp kvartirali uy va 62 ta ijtimoiy soha obyekti sifatli va uzluksiz issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi. Natijada, 42 mln m3 tabiiy gaz yoki 60 mlrd soʻm mablagʻlari iqtisod qilinadi.
Issiqlik taʼminoti tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida gaz tanqisligi boʻlmagan hududlar, yaʼni Buxoro, Nukus, Urganch, Quvasoy va Fargʻona shaharlaridagi qozonxonalarga kogenerasiya texnologiyalarini qoʻllash koʻzda tutilmoqda.Issiqlik taʼminoti tizimiga investisiya kiritish orqali yiliga 75 mlrd soʻmlik issiqlik energiyasi bilan birga 365 mlrd soʻmlik elektr energiyasi ishlab chiqarilib, loyiha 19 yilda oʻzini oqlaydi. Natijada, 42 ming ta honadondan iborat 1 102 ta koʻp kvartirali uylar va 134 ta ijtimoiy soha obyektlari uzluksiz issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi.
Oʻz navbatida, issiqlik taʼminoti sohasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender jarayonlariga koʻmaklashish boʻyicha konsultativ xizmatlar koʻrsatish maqsadida, Osiyo taraqqyot banki va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi oʻrtasida qiymati 450 ming AQSH dollarni tashkil etuvchi shartnoma memorandumi imzolandi.