Oʻzbekistonda 7-10-dekabr kunlari kuzatiladigan ob-havo maʼlumotlari eʼlon qilindi

    8-dekabrda baʼzi joylarda yomgʻir yogʻаdi, 9-dekabr yomgʻir qorga aylanishi mumkin.

    Bugun kunduzi Oʻzbekiston hududi boʻyicha ob-havo bulutli boʻladi, yogʻingarchilik boʻlmaydi. Harorat +8...+13 daraja iliq, shimolda 0...+5 daraja iliq boʻladi.

    Ertaga, 8-dekabr kuni respublikaning koʻpchilik hududlarida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi 0...+5 daraja iliqqacha, kunduzi +5...+10 daraja iliqqacha, shimolda kechasi -2...-7 daraja sovuqqacha, kunduzi 0...-2 daraja sovuqqacha pasayadi.

    9-dekabr, shanba kuni yomgʻir va qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik faqat Oʻzbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida saqlanib turadi.

    8-9-dekabr kunlari togʻli hududlarda yogʻingarchilik - asosan qor shaklida boʻladi, baʼzi joylarda yogʻingarchilik kuchli boʻladi.

    8-9-dekabr kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda

    10-dekabr - yakshanba kuni respublikaning koʻpchilik hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida baʼzi joylarda biroz qor yogʻadi. Havo harorati shanba kuni kechasi 0...+5 daraja iliq, kunduzi +3...+8 daraja iliq, yakshanba kuni kechasi -2 daraja sovuqdan +3 daraja iliqqacha, kunduzi +5...+10 daraja iliq atrofida boʻladi.

    Respublika shimolida dam olish kunlari kechasi -5...-10 daraja sovuqqacha, kunduzi -0...-5 daraja sovuqqacha boʻladi

    Keyingi haftaning birinchi yarmida sovuq respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi. Havo harorati kechalari -8...-13 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari -3...-8 daraja sovuqqacha pasayadi. Respublika shimolida harorat kechalari -15...-20 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari -7...-12 daraja sovuqqacha pasayadi.

    Poytaxtimizda: 7 va 10-dekabr kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi, 8-dekabrda kunning ikkinchi yarmida yomgʻir yogʻadi, 9-dekabrda vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir, qorga aylanishi mumkin) boʻladi. Harorat 7-dekabrda +9...+11 daraja iliq, 8-10-dekabrda kechasi 0...+5 daraja iliq, kunduzi +4...+9 daraja iliq boʻladi.