Oʻzbekistonda aerotaksi xizmati va VIP taksi joriy etilishi mumkin

    Qolaversa, mamlakatimizda biznes aviatsiya sohasida 200 dan koʻproq yuqori malakali ish oʻrinlari yaratilishiga erishiladi.

    Davlatimiz rahbarining Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida Transport vazirligi va BAAning nufuzli JETEX kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.

    Transport vaziri Ilhom Maxkamov hamda JETEX kompaniyasi taʼsischisi Adel Mardini bilan oʻtkazilgan uchrashuvda imzolangan ushbu memorandum mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi.

    Xususan, JETEX kompaniyasi “Toshkent-Sharqiy” aeroportida FBO shaklida davlat xususiy sherikchiligi asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha investitsion loyihani amalga oshiradi.

    Ushbu loyiha doirasida kichik aviatsiya sohasida taʼmirlash, sotish va saqlash xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. Aerotaksi xizmati va VIP taksi joriy etiladi. Bu esa oʻz navbatida turizm sohasining rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi hamda VIP mijozlar uchun qulaylik yaratadi.

    Yoʻlovchilarga yuqori darajadagi xizmat koʻrsatishni taʼminlaydigan mazkur loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi poytaxtimiz nufuzi va jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Qolaversa, mamlakatimizda biznes aviatsiya sohasida 200 dan koʻproq yuqori malakali ish oʻrinlari yaratilishiga erishiladi. Bir soʻz bilan aytganda, JETEX kompaniyasining ilgʻor tajribasiga tayangan holda mamlakatimizda biznes aviatsiyasini ishonchli va barqaror rivojlanishini taʼminlashga erishildi.

    Eslatib oʻtamiz, Jetex kompaniyasi 2005-yilda tashkil etilgan boʻlib, 5 qitʼada 30 ta biznes birlashmasiga ega global tarmoqni tashkil etgan. Butun dunyo boʻylab 50 dan ortiq nuqtalarda, jumladan Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Afrika va Amerikada kunu tun mijozlarga xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadi.

    FBO (Fixed Base Operator) – aeroportlarda havo kemalari va yoʻlovchilarga kompleks servis xizmatlari koʻrsatuvchi, xususan, havo kemalariga yoqilgʻi quyish, toʻxtash joyi, angarda saqlash, texnik va taʼmirlash xizmatlarini koʻrsatish, havo kemalarini ijaraga berish, charterlarni sotish, taksi va yana boshqa koʻplab xizmat turlarini koʻrsatuvchi tashkilotdir.