Oʻzbekistonda Ai-80 benzinidan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati “Xabar.uz”ga maʼlum qilgan.
Qayd etilishicha, Ai-80 benzini koʻp mamlakatlarda taqiqlangan boʻlib, hatto neft mahsulotlarini toʻliq import qiladigan Qirgʻiziston va Tojikistonda ham allaqachon isteʼmoldan olingan. Hozircha mintaqada faqat Oʻzbekiston va Afgʻonistonda Ai-80 benzinidan foydalanish davom etmoqda.
Vazirlikning bildirishicha, 2025-yilga borib Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 ishlab chiqarilishi toʻxtatilsa, 2026-yilga borib Buxoro neftni qayta ishlash zavodi toʻligʻicha sifatliroq yoqilgʻi ishlab chiqarishga oʻtkaziladi.
Yoqilgʻi bozorida taqchillik kuzatilmasligi va isteʼmolda uzilish boʻlmasligi uchun chora-tadbirlar rejalashtirilgan. Xorijdan benzin olib kiruvchi subyektlar faoliyatini kengaytirish orqali isteʼmol bozorini bir maromda ushlab turiladi. Tatneft, Saneg va “Lukoyl” kabi xorijiy sarmoyadorlarga koʻproq zapravkalar qurish imkoni beriladi.
“Natijada mahalliy tadbirkorlar bilan boʻladigan raqobat samarasi oʻlaroq bozorda yoqilgʻi sifati va narx barqarorligiga erishish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Maʼlum qilinishicha, ayni vaqtda Ai-80 benziniga narx belgilashda maʼlum chegaradan oʻtmaslik boʻyicha taklif tayyorlanmoqda. Xuddi metan gaz zapravkalarida bir metr kub gaz uchun eng yuqori narx 3250 soʻm etib belgilanganidek, Ai-80 benziniga ham maʼlum qiymat taklif etiladi.