Uchrashuvda “Meraque Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda kichik hajmdagi aqlli qishloq xoʻjaligi texnikalari hamda koʻp funksiyali dronlarni mahalliylashtirish orqali ularni Toshkent viloyatida joylashgan Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, malakali mutaxassislarni jalb etish va ishlab chiqarish jarayonlarini sifatli hamda tezkor tashkil etishga oid aniq kelishuvlarga erishildi.

Maʼlumki, zamonaviy texnologiyalar, xususan, koʻp funksiyali dronlar va aqlli qishloq xoʻjaligi texnikalari agrar sohada samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Dronlar yordamida ekin maydonlarini aniqlik bilan monitoring qilish, suv va oʻgʻit sarfini optimallashtirish, zararli hasharotlarga qarshi kurashishning samaradorligini kuchaytirish mumkin.

Bundan tashqari, ushbu texnikalar yordamida hosildorlikni oshirish, mehnat xarajatlarini kamaytirish va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga erishiladi. Texnikani mahalliylashtirish esa narxlarning pasayishi, ehtiyot qismlar va servis xizmatlarining tezkor taʼminlanishini taʼminlaydi.

Muhimi, loyiha doirasida mamlakat ichida yangi ish oʻrinlari yaratilishi, ilmiy-texnik salohiyatning oshishi kutilmoqda. Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, raqamli texnologiyalar va aqlli texnikalarning joriy etilishi qishloq xoʻjaligidagi ishlab chiqarish samaradorligini 20–30 foizgacha oshirish imkonini beradi.

Uchrashuv davomida vazir Ibrohim Abdurahmonov loyihani bosqichma-bosqich rivojlantirish, malakali mutaxassislar ishtirokini taʼminlash, dronlardan samarali foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish uchun maxsus oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini taʼkidladi.