Suhbat chogʻida ikki mamlakat Hukumatlari tomonidan koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va iqtisodiyotga taʼsirini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan birga qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, investitsiya, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakat mahsulotlar yetkazib beruvchilari va buyurtmachilari oʻrtasida mustahkam aloqalar oʻrnatish orqali oʻzaro savdo hajmini yana-da oshirishga boʻlgan qiziqishlarini qayd etdilar. Savdo boʻyicha Qoʻshma savdo qoʻmitasinining yigʻilishini oʻtkazish maqsadida Malayziya Xalqaro savdo va sanoat vazirligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi saʼy-harakatlarini birlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Qoʻmita yigʻilishi doirasida ikki mamlakatning kimyo, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, toʻqimachilik va elektrotexnika tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekiston-Malayziya biznes-forumi oʻtkaziladi.

Savdoni raqamlashtirish sohasida Malayziyaning tajribasini jalb qilish istiqbollari taʼkidlandi - shu nuqtayi nazardan, “Consumption Union” kompaniyasining “CU Rewards” elektron savdo maydonchasi mahalliy eksportchilarga oʻz mahsulotlarini Janubiy - Sharqiy Osiyodagi isteʼmolchilarga sotish imkonini beradigan samarali mexanizm boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Shuningdek, Malayziya islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) va “Oʻzstandart” agentligi hamkorligida Oʻzbekistonda halol mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha ilgʻor tajriba Markazini tashkil etish rejalari muhokama qilindi. Markazning tashkil etilishi Respublikada Malayziyaning ilgʻor tajribasi asosida halol mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy etishga, shuningdek, oʻzbek eksport qiluvchilariga Janubiy – Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga hamda ishlab chiqaruvchilar mazkur sertifikatga ega boʻlishlari majburiy boʻlgan boshqa mamlakatlarning bozorlariga chiqish imkonini beradi.

Mamlakatlar oʻrtasida kimyo sanoati, taʼlim, axborot texnologiyalari va oziq-ovqat sanoati sohalariga investitsiyalar kiritish boʻyicha hamkorlikning ulkan istiqbollari belgilab olindi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan bogʻliq masalalar ham muhokama qilindi - masalan, Xorazm viloyatidagi “Hazorasp” EIZ da 250 mln dollarga yaqin Malayziyaning “Serba Dinamik Group Berhad” kompaniyasining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini jalb qilgan holda kaustik soda va suyuq xlor ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi faol ravishda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekistonda bir nechta Malayziya banklarining filiallarini ochish va Respublikada eksportga yoʻnaltirilgan loyihalarni moliyalashtirish hamda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan banklararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali bank-moliya sohasida hamkorlik qilishning yuqori salohiyati qayd etildi.

Islom bankchiligi sohasida Malayziyaning tajribasini joriy etish mexanizmlari va shu vaqtning oʻzida Oʻzbekiston bank sohasidagi xodimlari uchun ushbu sohada malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari alohida koʻrib chiqiladi.

Maʼlumot uchun: Malayziya Islom moliyasining xalqaro markazi deb tan olingan, mamlakatda anʼanaviy tizim bilan bir qatorda faoliyat koʻrsatayotgan islom bank tizimi joriy etilgan. Mamlakat hududida 27 ta mahalliy va xorijiy islomiy banklar mavjud. Islom moliyasi Malayziya bank sohasining 30 foiziga toʻgʻri keladi.

Transport, logistika va turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, xalqaro havo transporti orqali yuk tashishlarni tashkil etish, logistika havo xabini yaratish, shuningdek, Oʻzbekistonda Aviation Academy xalqaro standartlariga muvofiq uchuvchilarni tayyorlash Markazini ochish boʻyicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish doirasida “MARA” texnologiyalar universiteti hamda Samarqand shahridagi “Ipak Yoʻli” xalqaro turizm universiteti bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek Xorazm viloyatida “Binary” menedjment va tadbirkorlik universiteti filialining faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal etish boʻyicha birgalikda amalga oshiriladigan harakatlar muhokama qilindi.

Videokonferensiya yakunida muhokama qilingan va kelishilgan tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish boʻyicha qoʻshma ishchi guruhini tuzish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.