Bu Oʻzbekistondagi birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigiyenik shoxobcha hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, mazkur shoxobchaning boshqa shu singari shoxobchalardan asosiy afzalligi uning avtomat rejimda ishlashi va eng zamonaviy sanitar-gigiyenik moslamalar bilan jihozlanganligidir. Qolaversa, unda jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan shaxslar, yosh bolali ota-onalar qulay foydalanishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.
Shoxobchani qurishda Xitoy, Belarus, Rossiya kabi xorijiy davlatlardan keltirilgan zamonaviy texnika vositalaridan foydalanilgan.
Shoxobcha avtomatlashtirilgan rejimda ishlaydi. Har bir jarayon uchun alohida vaqt belgilangan. Agar, masalan, hojatxonaga kirgan fuqaroning salomatligida biror muammo yuzaga kelsa yoki boshqa sabab bilan uzoq qolib ketsa, signal chalinadi va ogohlantiriladi. Shuningdek, ayollar hojatxonasida alohida avtomatik tarzda ishlaydigan savdo burchagi tashkil etilgan. Bunda ayollar farzandlari uchun pampers va shunga oʻxshash narsalarni xarid qilishlari mumkin. Shoxobcha kunu tun ishlaydi.
Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov mazkur shoxobchaning aynan nogironligi bor insonlarga qulayliklari haqida gapirdi.
“Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan hojatxona juda qulay. Negaki ichi juda keng, aravachada bemalol harakatlanish mumkin. Bundan tashqari, favqulotda vaziyatlar uchun moʻljallangan SOS tugmasi bor, yaʼni nogironligi boʻlgan shaxs agar salomatligida biror muammo yuzaga kelsa, shu tugmachani bosib, yordam chaqirishi mumkin. Umuman olganda, har bir detalga alohida eʼtibor qaratilgan. Bunday sanitar-gigiyenik shoxobchalarni yanada koʻpaytirish lozim”, — dedi Oybek Isoqov.
Qayd etish kerakki, ayni damda mazkur shoxobchada ish oʻrinlari ham yaratilmoqda.
Maʼlumot uchun, 2017-yilda jami 200 ta sanitar-gigiyenik shoxobcha faoliyat yuritgan boʻlsa, 2022-yilga kelib ularning soni 7,5 mingdan oshdi. Shulardan 3,9 mingtasi yangi qurilgan, 3,6 mingtasi qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgan.