Oʻzbekistonda axborot-texnologiyalari xizmatlari sohasidagi oʻzgarishlar Oʻmon OAVda

    OAV O‘zbеkiston haqida 27 Fevral 2023 1084

    Oʻmonning markaziy matbaa nashrlaridan biri — “Asdaa Oman” gazetasida “Oʻzbekiston Prezidenti: Kelgusida axborot-texnologiyalari xizmatlari eksporti 1 milliard dollarga yetadi” sarlavhali maqola chop etildi.

    Nashr bosh muharriri Ali al-Hasaniy qalamiga mansub ushbu maqolada davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan Axborot texnologiyalari sohasidagi vazifalarni muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilish tafsilotlari qalamga olingan.

    Materialda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Prezidenti aholi eng koʻp murojaat qiladigan ichki ishlar organlarida 34 ta, adliyada 32 ta, sogʻliqni saqlash sohasida 11 ta xizmatlar elektron shaklga oʻtkazilmaganini taʼkidladi.

    “Davlat rahbarining aytishicha, Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti kelgusida 1 milliard dollarga yetishi rejalashtirilgan, deb yozadi gazeta. Yigʻilishda soʻnggi uch yilda axborot texnologiyalari sohasiga boʻlgan jiddiy qiziqish natijasida muayyan oʻzgarishlarga erishilgani ham qayd etildi. Masalan, oʻtgan yili IT-Park rezidentlari 5 trillion soʻmlik (2021 yilda 2,5 trillion soʻm) xizmatlar koʻrsatgan, 140 million dollarlik (2021 yilda 50 million dollar) xizmatlarni eksport qilgan”.

    Muallif yozganidek, mavjud 715 ta davlat xizmatlaridan 370 tasi raqamli platformaga oʻtkazildi va oʻtgan yili 12 million kishi ushbu xizmatlardan foydalandi.

    “Raqamlashtirish natijasida 70 dan ortiq turdagi maʼlumot va hujjatlarni aholidan talab qilish bekor boʻlgan. Oʻzbekiston Prezidenti joylarda amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini, kelgusida IT xizmatlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilayotganini maʼlum qildi”, deya taʼkidlaydi Oʻmon nashri.

    Maqolada, shuningdek, muhokama etilgan va belgilab olingan vazifalarni amalga oshirish uchun kamida 100 ming malakali dasturchi, IT muhandislari, operatorlar va muhandislar jalb etilishi haqidagi maʼlumotlar ham gazetxonlar eʼtiboriga havola etilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Yigʻilishda hududlarda yuqori tezlikdagi internet va mutaxassislar uchun sharoitlarni kengaytirish, xorijiy IT kompaniyalarni koʻpaytirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish hamda zamonaviy IT kasblari tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish lozimligi qayd etildi”, deb yozadi “Asdaa Oman”.