30-mart kuni oʻz ishini boshlagan uch kunlik onlayn seminarda Oʻzbekistonning xotin-qizlarni ragʻbatlantirish va himoya qilish borasidagi tajribasi taqdim etildi. “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini samarali amalga oshirishga bagʻishlangan anjuman YEXHT Kotibiyati tomonidan tashkil etildi.
Ushbu seminar Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Mongoliya va Turkmaniston ekspertlari uchun oʻtkazilmoqda. Anjumanda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining oʻrinbosari Dilnoza Muratova ishtirok etdi va mamlakatimizning xotin-qizlarni ragʻbatlantirish va himoya qilish borasidagi tajribasi haqida maʼruza qildi.
D.Muratova taʼkidlaganidek, xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda faol ishtirok etishlariga koʻmaklashish muhim ahamiyatga ega. Ayollarning barcha darajalarda qarorlar qabul qilish jarayonlarida toʻliq va sezilarli ishtirok etishi jamiyatlarning yana-da tinch hamda farovon boʻlishiga xizmat qiladi. Shuning uchun xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Oʻzbekistonda ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari boʻyicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
“Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini samarali amalga oshirishning vositalari va strategiyalari» mavzusidagi seminar doirasida ayni maqsadga, jumladan Milliy harakatlar rejalari vositasida erishish istiqbollari keng muhokama qilinmoqda. Shu maʼnoda, tadbirga BMT Xavfsizlik kengashining 1325-Rezolyutsiyasini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasini yoki gender tenglik va xotin-qizlar huquqlari masalalari boʻyicha boshqa milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish hamda tatbiq etishga masʼul vazirlik va idoralar vakillari taklif etilgan. Ishtirokchilar orasida fuqarolik jamiyati vakillari va faol xotin-qizlar ham bor.
Anjumandan maqsad samarador Milliy harakatlar rejalari ishlab chiqish boʻyicha koʻnikmalarni oshirishdir. Tadbir ishtirokchilari xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni taʼminlash, shuningdek BMT Xavfsizlik kengashining 1325-Rezolyutsiyasini gender tenglikka doir boshqa hujjatlar, xususan, Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya va BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga, shuningdek mamlakatning gender tenglikni taʼminlash boʻyicha strategiya va rejalariga uygʻunlashtirish borasida erishilgan yutuqlar hamda mavjud muammolarni koʻrib chiqmoqdalar.
Eng muhimi, seminarda YEXHTga aʼzo davlatlarning BMT Xavfsizlik kengashi 1325-Rezolyutsiyasini implementatsiya qilish borasidagi tajribasi muhokama etildi. Bu mavzuda YEXHT Kotibiyatining gender masalalari boʻyicha katta maslahatchisi Amarsan Darisuren soʻzga chiqdi. YEXHT Kotibiyatining vakili ayni sohada tegishli milliy harakatlar rejalari va strategiyalari ishlab chiqish masalasi juda muhim ekanini taʼkidladi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati