Qayd Toshkentda ekologik yoʻnalishdagi www.batareykalar.uz loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu tashabbus 2024-yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan tashkil etilgan III Xalqaro “Yoshlar — kelajak bunyodkori!” ekologik va turistik forumida “Eng yaxshi ekologik loyiha” nominatsiyasida gʻolib deb topilgan. Loyiha muallifi va taqdimot tashabbuskori ekofaol Feruzbek Sayfullayevdir.
Loyiha eng dolzarb ekologik muammolardan biri — ishlatilgan batareykalarni xavfsiz yigʻish va yoʻq qilish masalasiga qaratilgan. Chunki ushbu chiqindilar tarkibida qoʻrgʻoshin, kadmiy, simob, nikel va litiy kabi ogʻir metallar mavjud boʻlib, ularning notoʻgʻri utilizatsiyasi atrof-muhit hamda inson salomatligi uchun jiddiy tahdid tugʻdiradi.
Mazkur tashabbus doirasida butun mamlakat boʻylab 100 ta maxsus konteyner oʻrnatildi. Yigʻish punktlarining aniq manzillari www.batareykalar.uz platformasida joylashtirilgan boʻlib, har bir fuqaro oʻziga eng yaqin konteynerni osongina topishi mumkin.
Hozirda respublika hududlarida 28 ta chiqindi yigʻish punkti faoliyat yuritmoqda. Har bir punkt Ekologiya vazirligi hamda Chiqindilarni boshqarish agentligining hududiy boshqarmalarida va Korzinka supermarketlarida joylashtirilgan. Toshkent shahrida esa 72 ta punkt ishga tushirilgan boʻlib, ularning yarmi Korzinka doʻkonlarida, qolganlari davlat idoralari va taʼlim muassasalarida joylashgan.
Garchi Oʻzbekistonda hozircha batareykalarni qayta ishlashga ixtisoslashgan zavod mavjud boʻlmasada, loyiha ekologik xavfsizlik talablari asosida, mustaqil tashabbus sifatida amalga oshirilmoqda. Yigʻilgan barcha batareykalar xavfsiz sharoitda vaqtincha saqlanadi va keyinchalik “No Waste” kompaniyasi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq utilizatsiya qilinadi.
Loyiha aholini moddiy ragʻbatlantirishsiz amalga oshirilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor — fuqarolarda ekologik madaniyatni shakllantirish va chiqindilarni ongli ravishda boshqarish borasida masʼuliyatni oshirishga qaratilgan.








