Uchrashuv davomida, oʻzaro yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turlarini kengaytirish, goʻsht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va veterinariya, qishloq xoʻjaligi fanlari sohasida hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichlari muhokama qilindi.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston bilan Belarus Respublikasi oʻrtasida qishloq xoʻjaligi savdosi, fan va agrar taʼlim sohasida yaqin hamkorlik oʻrnatilgan, shuningdek, chorvachilik, veterinariya va oʻsimliklar seleksiyasi sohasida faol oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.
Samimiy ruhda boshlangan uchrashuvda Ibrohim Abdurahmonov Belarus Respublikasi bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligi sohasida ham juda katta koʻlamdagi islohotlar amalga oshirilayotgani, bu esa mamlakatlarimiz uchun birdek manfaatli ekanini eʼtirof etdi.
Qolaversa, Belorussiyaning “Yagodka” fermer xoʻjaligida “in-vitro” usulida yetishtirilgan golubika koʻchatlarining elita navlaridan foydalangan holda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida golubika yetishtirish boʻyicha eksperimental koʻrgazmali maydon yaratish loyihasi kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turlarini kengaytirish, samarali va konstruktiv hamkorlikning amaliy jihatlari joriy yilning 7-fevralda oʻtkaziladigan “II Hududlararo forum” doirasida kengaytirilgan muloqot jarayonida muhokama qilinishiga kelishib olindi.