Oʻzbekistonda birinchi yuqori kuchlanishli raqamli podstansiya quriladi

    Energetika 27 Oktabr 2021 1087

    Energetika vazirligi tizimidagi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida birinchi yuqori kuchlanishli raqamli podstansiya qurilyapti.

    220 kV kuchlanishli raqamli “Zafarobod” podstansiyasini qurish investitsiya loyihasi Osiyo taraqqiyot banki koʻmagi asosida amalga oshirilyapti. Raqamli podstansiya Jizzax viloyatida 2023-yilda foydalanishga topshiriladi.

    – Texnologik jarayonlarni boshqarish toʻliq yuqori darajada avtomatlashtirilgan, eng zamonaviy axborot texnologiyalarining boshqaruv tizimlari va vositalari bilan jihozlanadigan raqamli “Zafarobod” podstansiyasi viloyat energetika tizimini 500 MVA qoʻshimcha quvvat bilan taʼminlaydi, – deya maʼlumot berdi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari Feruz Qurbonov.

    “Tayyor holda topshirish” sharti asosida, Osiyo taraqqiyot banki talablariga koʻra oʻtkazilgan xalqaro tender savdolari natijalari boʻyicha “Shanghai Electric Group Co.,Ltd” (Xitoy) kompaniyasi gʻolib deb topildi. Ushbu loyiha doirasida “GOPA — International Energy Consultants GmbH” (Germaniya) konsalting kompaniyasi faoliyat yurityapti.

    Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4699-sonli qarori hamda 2020-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2021 – 2023-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4937-sonli qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.